Barcha yangiliklar RSS

Korrupsiyaga qarshi kurashish

ODIL SUDLOV — INSON QADRINING IShONChLI KAFOLATI

Inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, fuqarolarning qonunga va adolatga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash har qanday demokratik davlatning eng muhim vazifalaridan biridir. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 14 avgustdagi PF-160-sonli “Odil sudlov-2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmoni sud-huquq sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim hujjat bo‘ldi.
Farmonning bosh g‘oyasi — inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali samarali himoya qilish, sudlarning haqiqiy mustaqilligini ta’minlash hamda odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirishdir.
Bugungi kunda sud faqat nizoni hal etuvchi organ emas. U, eng avvalo, insonning buzilgan huquqini tiklaydigan, qonun ustuvorligini ta’minlaydigan va jamiyatda adolat mezonlarini qaror toptiradigan muhim institut sifatida namoyon bo‘lmoqda.
“Odil sudlov-2030” strategiyasi ana shu yondashuvni yanada mustahkamlashni ko‘zda tutadi. Bunda sud tizimining xalqchilligi, ochiqligi va shaffofligini oshirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, sud ishlarini ko‘rishda ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish kabi yo‘nalishlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Farmonning yana bir muhim jihati — sudga murojaat qilgan shaxsning huquqiy himoyasiga ustuvor ahamiyat berilayotganidir. Zero, adolatli sudlovning asosiy mezoni sud qarorlarining nafaqat qonuniy, balki inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilishi bilan belgilanadi.
Sud-huquq islohotlarining samarasi, avvalo, oddiy fuqaroning hayotida namoyon bo‘lishi kerak. Fuqaro sudga murojaat qilganda o‘z huquqi himoya qilinishiga ishonch hosil qilishi, sud jarayonini tushunishi va unda o‘z huquqlarini erkin amalga oshira olishi muhim.
Shu nuqtai nazardan, PF-160-sonli Farmon nafaqat sud tizimi xodimlari, balki har bir fuqaro uchun ahamiyatlidir. Chunki odil sudlov — jamiyatda qonun ustuvorligi va inson qadri ta’minlanganining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biridir.
“Odil sudlov-2030” strategiyasining amalga oshirilishi natijasida sud tizimi yanada zamonaviy, ochiq, insonparvar va xalqchil bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Bu esa Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eng muhimi, sudga murojaat qilgan har bir inson «mening huquqim qonun bilan kafolatlangan va sud uni ishonchli himoya qiladi», degan qat’iy ishonchga ega bo‘lishi lozim. Ana shu ishonch — odil sudlovning eng katta natijasidir.
 
Xorazm viloyat ma’muriy
sudining sudyasi
Yusupov Temurbek
21-08-2026, 16:21
Ko'rishlar: 10
Sahifani chop etish