Xorazm viloyatining Urganch shahrida aholiga yanada qulay va xavfsiz transport xizmati ko‘rsatish maqsadida Yangibozor tumani bilan bog‘lovchi SHYT-228 yo‘nalishida yangi mikroavtobuslar qatnovi joriy etildi. Ushbu yo‘nalish 2025-yil 1-dekabrdan boshlab to‘liq faoliyat boshlaydi.
Yangi mikroavtobuslar har kuni ertalab soat 07:00 dan 19:00 gacha muntazam qatnaydi.
Mazkur yo‘nalishda avval Damas rusumli avtotransport vositalari xizmat ko‘rsatib kelgan. Ammo tadbirkorlarning tashabbusi bilan yo‘lovchi tashishni M1 toifasidan M2 toifasiga o‘tkazish bo‘yicha kelib tushgan taklif o‘rganilib, natijada yo‘nalishga zamonaviy JAC Sunray rusumli, sig‘imi kattaroq va qulayroq transport vositalari jalb qilindi.
Yangi mikroavtobuslarning joriy etilishi yo‘lovchilarga xizmat sifatini oshiradi, qatnov vaqtini qisqartiradi hamda Urganch–Yangibozor yo‘nalishidagi harakatni yanada tartibli va samarali qiladi.

