Ijtimoiy tarmoqlar orqali "Urganch – Begovot yo'nalishida yo'l haqi oshirilganidan aholi norozi" sarlavha ostida qilingan murojaat bo'yicha quyidagilarni ma'lum qilamiz.
219-ShYT — «Urganch buyum bozor bosh bekati avtostansiyasi – Begovot» yo‘nalishida yo‘l haqini belgilangan tartibdan asossiz ravishda oshirgan ayrim haydovchilarga nisbatan Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan tegishli choralar ko‘rilmoqda. Mazkur holat nazoratga olingan.
Yo‘lovchilardan yo‘l haqini belgilangan miqdordan ortiq to‘lash talab qilinsa, bunday holatlarga befarq bo‘lmaslik va tegishli tartibda xabar berish so‘raladi.
Shuningdek, 219-ShYT yo‘nalishi 2026 yil 3 sentyabr kuni tender tanloviga qo‘yilgan. Tender natijalariga ko‘ra, mazkur yo‘nalishda xizmat ko‘rsatishda foydalanilayotgan «Damas» rusumli transport vositalari o‘rniga zamonaviy mikroavtobuslar jalb etilishi rejalashtirilgan.
Zamonaviy mikroavtobuslarning yo‘nalishga jalb qilinishi natijasida yo‘lovchilar uchun arzon, qulay, xavfsiz va sifatli xizmat ko‘rsatish, shuningdek, tashish xizmatlaridan foydalanishda qulayliklarni oshirish ko‘zda tutilgan.
Yo‘lovchilarning manfaatlari, xavfsizligi va sifatli transport xizmatidan foydalanish huquqlarini ta’minlash masalasi doimiy nazoratda.
Xorazm viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati!