Xorazm viloyatida yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularni transport sohasidagi yangiliklar bilan tanishtirish hamda muammolarini ochiq muloqot orqali oʻrganishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.
Kuni kecha Xorazm viloyati transport boshqarmasi boʻlim boshligʻi Nazirov Jaxongir Quvondiqovich rahbarligida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi. Tadbir Urganch shahar, Al-Xorazmiy koʻchasi 111-uy 2-xonadonda joylashgan “AVTO EXCLUSIVE” oʻquv markazida boʻlib oʻtdi.
Unda oʻquv markazida tahsil olayotgan talaba yoshlar, transport sohasi mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Ochiq muloqot tarzida oʻtgan uchrashuvda transport tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoʻlovchi tashish xavfsizligini taʼminlash va haydovchilik madaniyatini oshirish masalalari tushuntirib oʻtildi. Shuningdek, yoshlarning sohaga oid fikr-mulohazalari va takliflari tinglandi.
Tadbir yakunida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga masʼul rahbar tomonidan batafsil javoblar olishdi. Bu kabi toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlar kelgusida yoshlarning professional malakasini oshirish va transport sohasida xavfsizlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xorazm viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati