Urganchda transport boshqarmasi boshligʻi avtomaktab talabalari bilan uchrashdi

Urganchda transport boshqarmasi boshligʻi avtomaktab talabalari bilan uchrashdi

Xorazm viloyati transport boshqarmasi boshligʻi T.M.Satimov Urganch shahridagi “Guliston” avtomaktabida haydovchilik guvohnomasi olish uchun tahsil olayotgan talaba yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — bo‘lajak haydovchilarning huquqiy savodxonligini oshirish, yo‘llarda harakatlanish xavfsizligi va madaniyatini shakllantirish hamda transport sohasidagi so‘nggi islohotlar bilan yoshlarni yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Muloqot davomida T.M.Satimov bugungi kunda yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash nafaqat nazoratchi organlar, balki har bir harakat ishtirokchisi, ayniqsa, endigina rulga o‘tirayotgan yosh haydovchilarning mas’uliyatiga bevosita bog‘liq ekanligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, transport sohasidagi qonunchilik talablari va haydovchilarga yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbir yakunida talaba yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, takliflar va fikr-mulohazalari bilan faol ishtirok etib, soha mutasaddilaridan tegishli javob hamda tavsiyalarni oldilar.

Xorazm viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati
2-07-2026, 17:00
Sahifaga qaytish