UrDU Texnika fakulteti talabalari "Bunyod Yo'lovchi Tashish" MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdilar

UrDU Texnika fakulteti talabalari "Bunyod Yo'lovchi Tashish" MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdilar

Bugun Urganch davlat universiteti Texnika fakulteti talabalari uchun amaliy koʻnikmalarni oshirish va transport sohasidagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish maqsadida "Bunyod Yo'lovchi Tashish" MCHJ avtokorxonasiga ekskursiya tashkil etildi. Talabalar tashrif davomida korxonaning ish faoliyati, transport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish va yoʻlovchi tashish tizimini boshqarish jarayonlarini bevosita koʻzdan kechirdilar.
Tashrif doirasida talabalar va soha mutasaddilari ishtirokida ochiq muloqot va davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbirda Xorazm viloyati transport boshqarmasi "Xorazm yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish" davlat muassasasi direktori oʻrinbosari B.Zaripov hamda Urganch transport prokurori E.Mardanov ishtirok etdilar.
Samimiy va interaktiv ruhda oʻtgan ochiq muloqotda soha rahbarlari talabalarga viloyatda transport tizimini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar, yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash, yoʻnalishlarni monitoring qilish va sohadagi qonunchilik talablari haqida batafsil maʼlumot berdilar.
Boʻlajak yosh mutaxassislar oʻzlarini qiziqtirgan savollar, sohani raqamlashtirish va kelajakdagi ish oʻrinlari boʻyicha oʻz takliflarini oʻrtaga tashlab, masʼullardan atroflicha javoblar oldilar. Bu kabi tadbirlar talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan bogʻlashda va kelajakda yetuk kadrlar boʻlib yetishishida muhim poydevor boʻlib xizmat qiladi.

Xorazm viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati



Сегодня, 18:01
Sahifaga qaytish