Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning dastlabki ko‘rsatuvlari majburiy tartibda videoyozuv orqali qayd etiladi

Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning dastlabki ko‘rsatuvlari majburiy tartibda videoyozuv orqali qayd etiladi

Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning dastlabki ko‘rsatuvlari majburiy tartibda videoyozuv orqali qayd etiladi

Prezidentimizning “2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni sud va tergov jarayonlarida bolalar manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh qilishni nazarda tutadi. Masalaning dolzarbligi shundaki, zo‘ravonlikdan jabrlangan bola tergov va sud jarayonida ikkinchi bor ruhiy bosimga uchramasligi kerak. Ushbu hujjat bolani protsessual jarayonlarning «qurboni» emas, balki oliy darajada himoyalangan ishtirokchisiga aylantiradi. Shu sababli sud-huquq tizimida bolalar manfaatlari ustuvor etib belgilanmoqda.

Farmonning 4-bandiga ko‘ra, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarning dastlabki ko‘rsatuvlarini majburiy ravishda videoyozuvga qayd etiladi. Bu bolani takroriy so‘roqlardan, jinoyatchi bilan yuzma-yuz kelishdan va ruhiy azoblardan asraydi hamda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning mutlaqo yangi ijtimoiy-huquqiy mexanizmi shakllanadi.

 Shuningdek, Farmon bilan «xabar bermaganlik uchun javobgarlik» joriy etilmoqda. Ya’ni ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy soha xodimlarining mas’uliyati yanada oshirilishi nazarda tutildi.

Endilikda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik faktlarini bilib, xabar bermaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilmoqda. Bu chora jamiyatdagi «mening ishim emas» degan loqaydlikka chek qo‘yib, har bir fuqaroni bola xavfsizligi uchun mas’ul qiladi. 

2026 yil 1 fevraldan boshlab respublikamizda professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bu shunchaki vasiylik emas, balki zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki ijtimoiy xavfli ahvolda qolgan bola bilan ishlash uchun maxsus o‘qitilgan, psixologik tayyorgarlikdan o‘tgan oilalardir. Ular bolaning ruhiy jarohatini davolashda davlatning asosiy sherigiga aylanadi.

Farmonga muvofiq, bunday oilalarga davlat tomonidan katta imtiyoz va majburiyatlar berilmoqda. Jumladan, professional tutingan oilaga har bir joylashtirilgan bolani parvarishlash uchun har oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravari miqdorida ish haqi to‘lanadi. Bundan tashqari, bolaning barcha yashash xarajatlari Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

Bola huquqlarini himoya qilish — bu millatning ertangi taqdiriga investitsiya kiritishdir. Mazkur Farmon adashgan farzandlarimizni bag‘rimizga olish va ularga ikkinchi imkoniyat berish yo‘lidagi tarixiy hujjat bo‘ldi. Bu — mehr va adolat tantanasi, o‘zbek xalqining bag‘rikengligi ifodasidir.

Dilmurod Yusupov,

 Jinoyat ishlari bo‘yicha Gurlan tuman sudining tergov sudyasi

14-03-2026, 13:05
Sahifaga qaytish